Islohotlar kompleks tarzda olib borilishi hamda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish masalalarini qamrab olishi kerak
Abstrak
Hozirda O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida bir qator o‘zgarishlar, yangiliklar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, so‘nggi ikki yilda bu o‘zgarishlar konseptual va institututsional ekanligi bilan ahamiyatlidir
##semicolon##
Qanday qilib iqtibos keltirish kerak
Hozirda O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida bir qator o‘zgarishlar, yangiliklar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, so‘nggi ikki yilda bu o‘zgarishlar konseptual va institututsional ekanligi bilan ahamiyatlidir.
Ushbu islohotlarga xalqaro tashkilotlar va ekspertlarning bahosi, o‘zgarishlarning xalqaro mezonlarga qanchalik mos ekanligi, umuman, korrupsiyaga qarshi kurashishdagi so‘nggi xalqaro tendensiyalar ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy.
Shu boisdan jurnalda “Mehmon” sahifasi mavjud va uning bu galgi mehmoni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishidagi mintaqaviy maslahatchisi, xalqaro ekspert Vladimir Kozin.
Vladimir Kozin - Jorj Vashington huquq maktabi va Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti bitiruvchisi, faoliyati davomida Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Jahaon Savdo tashkiloti tuzilmalarida faoliyat yuritgan.
So‘nggi yillarda jahon hamjamiyatida korrupsiyaga qarshi kurash sohasidagi umumiy tendensiyalar haqida fikringiz.
- Korrupsiyaga qarshi kurash hatto uning darajasini minimallashtirishga erishilsa ham, har doim dolzarb bo‘lib qoladi. Zero, korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi sa’y-harakatlarning har qanday zaiflashuvi faqat uning kuchayishiga olib keladi. So‘nggi paytlarda xalqaro hamjamiyat bu boradagi faoliyatini faollashtirganini kuzatmoqdamiz.
Yaqinda Bosh Assambleyaning korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish sohasidagi muammolar va chora-tadbirlarga bag‘ishlangan maxsus sessiyasining o‘tkazilgani hamda Korrupsiyaga qarshi kurashuvchi huquqni muhofaza qiluvchi organlarning Global operativ tarmog‘i (GlobE Network) tashkil etilgani buni tasdiqlaydi.
Korrupsiyaga qarshi kurash jahon hamjamiyatining dolzarb muammosidir. O‘z navbatida unga qarshi kurash ham rivojlangan, ham rivojlanayotgan mamlakatlarning hamisha kun tartibida turadi.
Rivojlanayotgan davlatlar misolida korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha qanday islohotlar e’tiboringizni tortdi va qaysi jihatlarga e’tibor qarata olasiz?
--Rivojlanayotgan mamlakatlar sharoitida islohotlar korrupsiya bilan bog‘liq muammolarning to‘liq ko‘lamini hisobga olishi juda muhimdir. Islohotlar kompleks tarzda olib borilishi hamda korrupsiyaning oldini olish hamda unga qarshi kurashish masalalarini qamrab olishi kerak. Bu borada siyosiy iroda va malakali kadrlarga ega bo‘lish, shuningdek, muhim ijtimoiy qadriyat sifatida korrupsiyani rad etish tushunchasini joriy etish juda muhim.
Amaliy nuqtayi nazardan korrupsiyaga qarshi kurashda eng katta muvaffaqiyatga odatda, fuqarolik jamiyati va biznes bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan va ular faollarini nafaqat korrupsiya to‘g‘risida ma’lumotlarni qidirish va oshkor etishga, balki ochiq ma’lumotlarni tahlil qilishga, shuningdek, qonunchilik bazasini va, xususan, iqtisodiy faoliyatni tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirishga jalb etishga muvaffaq bo‘lgan davlatlar erishadi. Iqtisodiy sohada normativ-huquqiy qarorlarni ishlab chiqish va qabul qilish bosqichida fuqarolik va ishbilarmonlar hamjamiyatlarining manfaatdor tomonlari bilan samarali tashkil etilgan ochiq muloqot innovatsiyalarning afzalliklari va xarajatlarini, shu jumladan, korrupsiya bilan bog‘liq xarajatlarni batafsilroq aniqlash imkonini beradi. Agar bunday muloqot natijasida sifatliroq va shaffofroq qarorlar qabul qilinsa, ularni amalga oshirishda hukumat maksimal darajada shaffoflikni ta’minlasa, fuqarolar va biznesning davlatga ishonchi yanada ortadi. Bundan tashqari, ularning yashirin iqtisodiy faoliyatni qisqartirishga tayyorligi ortib boradi, bu esa soliq tushumlariga ijobiy ta’sir ko’rsatadi.
Yuqorida ta’kidlanganidek, korrupsiyaga qarshi kurash global jarayon bo‘lib, xalqaro hamkorlik muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu munosabat bilan rivojlanayotgan mamlakatlarning korrupsiyaga qarshi kurashdagi o‘rni qanday, bu borada xalqaro standartlarni joriy etishning dolzarbligi nimadan iborat?
-Bu boradagi xalqaro standartlar hozirda dunyoning deyarli barcha davlatlarini qamrab olgan Korrupsiyaga qarshi BMT Konvensiyasida allaqachon belgilangan. Rivojlanayotgan mamlakatlar ushbu Konvensiyadan xalqaro hamkorlikning huquqiy asosi sifatida faolroq foydalanishlari kerak. Afsuski, bu borada hali qilinadigan ishlar ko‘p.
Taʼkidlash joizki, bugungi kunda samarali boshqaruvning ilgʻor tajribasini joriy etish boʻyicha katta tajriba toʻplangan, shuningdek, bu borada zarur xalqaro standartlar bazasi shakllangan. Samarali boshqaruvning ilg‘or tajribalarini to‘g‘ri qo‘llashni boshlagan rivojlanayotgan davlatlar avvallari korrupsiya domiga singib ketgan resurslarni o‘z rivojlanishi uchun haqiqatda muhim bo‘lgan sohalarga yo‘naltirila boshlagani va ulardan mas’uliyatli, oqilona va shaffof foydalanayotganining o‘zi uchungina o‘zlarining iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishini tezlashtira oladilar.
Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro samarali boshqaruv standartlari, davlat xizmatchilarini tanlov asosida ishga qabul qilish mexanizmlarini joriy etish, ularning daromadlarini deklaratsiyalash, xizmat vazifalarini bajarishda manfaatlar to‘qnashuvi xatarini kamaytirish va boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish borasidagi sa’y-harakatlarini faqat olqishlash mumkin.
Korrupsiyaga qarshi kurash huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish, preventi choralarini ko‘rish va jazoning muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan elemehtlardan tashkil topgan jarayondir. Agar korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonini yaxlit 100% deb oladigan bo‘lsak, korrupsiyaga qarshi kurashish elemehtlarini (foizda) qay tartibda belgilagan bo‘lar edingiz?
Bu masala bo‘yicha aniq urg‘ularni joylashtirish juda qiyin. Ushbu unsurlarning har biri korrupsiyaning oldini olishda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, korrupsiyaga qarshi islohotlarning muayyan davriga qarab, ularning foiz ulushi o‘zgarishi mumkin. Korrupsiyaga qarshi siyosatning sa’y-harakatlarini, ushbu sohalarning har birini birgalikda rivojlantirishga qaratish muhimroqdir.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida bir qator islohotlar amalga oshirildi. Ushbu bosqichda Siz eng konseptual deb hisoblagan islohotlarni sanab o‘ta olasizmi?
Darhaqiqat, O‘zbekistonda bu boradagi jiddiy o‘zgarishlarni ko‘rib turibmiz. Avvalo, siyosiy iroda mavjudligi va yuqorida tilga olingan barcha yo‘nalishlarda katta ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidlash o‘rinlidir, bu tendensiyalar davom etsa, albatta, ijobiy natijaga olib keladi. Yuqorida ta’kidlaganimdek, davlat organlarining shaffofligi, ularning, shuningdek, davlat xizmatchilarining jamiyat oldidagi hisobdorligini oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar muhim o‘rin tutadi, chunki ular har bir qarorni qabul qilish vaqtida ochiq tahliliy jarayon bilan birga, jamiyat va biznes bilan muloqotni ta’minlaydigan platformani yaratadi va qarorlarni bajarish bosqichida - bajarilgan ishlar bo‘yicha hisobotni ta’minlaydi. Bu fuqarolik jamiyati faollariga davlat organlari faoliyati samaradorligini mustaqil nazorat qilish, nazorat va huquqni muhofaza qiluvchi organlar e’tiborini eng shubhali va xatarli operatsiyalarga qaratish imkonini beradi.
Qonun hujjatlari va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish mexanizmlarini kuchaytirish orqali norma ijodkorligi va qonun ijodkorligi mexanizmlarini takomillashtirish borasidagi sa’y-harakatlar ahamiyati bundan kam emas. BMTGJBBning bu boradagi tavsiyalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining so‘nggi qarorlarida o‘z ifodasini topganini mamnuniyat bilan qayd etishimiz mumkin.
Respublikada olib borilayotgan, davlat xizmatchilarining vakolatlarini amalga oshirishda manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishga imkon beruvchi huquqiy bazani shakllantirish borasidagi sa’y-harakatlar alohida e’tiborga sazovor. Uning natijalarini kuzatish va tahlil qilish kerak. Huquqni qo‘llash amaliyoti va amaldagi ta’sirini hisobga olgan holda innovatsiyalarni qonun hujjatlari darajasida mustahkamlash mumkin bo‘ladi.
O‘zbekistonda qabul qilinayotgan ko‘plab yangiliklar ijro etilishi mumkinligi va real ta’sir ko‘rsatishi imkoniyatlari nuqtai nazaridan munozaralarni davom ettirishni talab qiladi. Shu munosabat bilan huquqni qo‘llash amaliyotini monitoring qilishni davom ettirish va uning asosida BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi moddalariga muvofiq, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni jinoiylashtirishni ta’minlaydigan yanada barqaror qonunchilikni shakllantirish juda muhim.
Siz O‘zbekiston va uning islohotlariga befarq emassiz. Ko‘rib turganingizdek,
2020-yilda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurash siyosatini muvofiqlashtirish va davlat siyosatini yuritish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi tashkil etildi. Agentlik faoliyatining asosiy yo‘nalishi korrupsiyaning oldini olish, ya’ni profilaktika mexanizmlarini kuchaytirishdan iborat. Bu turdagi idoralar qaysi davlatlarda samarali ishlaydi va O‘zbekistondagi mavjud vaziyatdan kelib chiqib, bu yo‘l qanchalik to‘g‘ri?
Agentlikning tashkil etilishi korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha samarali institutsional tizimni shakllantirish jarayonida muhim qadamdir. Darhaqiqat, turli xil modellar mavjud. Ba’zi mamlakatlarda shunga o‘xshash idoralar faoliyat ko’rsatsa, boshqalarida korrupsiyaga qarshi kurashish organlari korrupsiyaning oldini olish va huquqni muhofaza qilish funksiyalarini birlashtiradi. Shuni ham ta’kidlash joizki, korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha maxsus organlari mavjud bo‘lmagan va tegishli vazifalar boshqa yo‘llar bilan hal qilingan davlatlar ham mavjud. Agentlikka korrupsiyaning oldini olish sohasida muvofiqlashtiruvchi funksiyalar va keng vakolatlar berilgani amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida mantiqiy qadam bo‘lib ko‘rinadi.
O‘zbekistonda kelgusi yildan boshlab davlat xizmatchilarining daromadlarini deklaratsiyalash tizimi joriy etiladi. Rivojlanayotgan mamlakatlar misolida korrupsiyaning oldini olishda ushbu tizim qanday rol o‘ynaydi? Ushbu tizimni samarali amalga oshirish uchun nimalarga e’tibor berish kerak?
Davlat xizmatchilarining daromadlarini deklaratsiyalash tizimi davlat boshqaruvi faoliyatining ochiqligini ta’minlash, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek, korrupsiyaga qarshi qonun hujjatlarini muvaffaqiyatli qo‘llashning zarur shartidir. Daromadlarni deklaratsiyalash tizimini joriy etayotgan rivojlanayotgan mamlakatlar, albatta, korrupsiyaga qarshi kurashda yaxshiroq natijalarga erishmoqda. Ushbu tizimning muvaffaqiyatli faoliyat yuritishi uchun yetarli huquqiy baza hamda institutsional tizim va resurslarga ega bo‘lish zarur.
8. Sizningcha, korrupsiya holatini baholash bo‘yicha yetakchi xalqaro reytinglar mamlakatlardagi korrupsiya darajasini qanchalik to‘liq ochib bera oladi?
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda bunday reyting va indekslarning barqaror o‘sishi kuzatilayotgan bo‘lsa-da, reytinglarda ijobiy natijalar haqida hozircha gapira olmaymiz. Bu vaziyatni yaxshilash uchun yana nima qilish kerak?
Biz ushbu sohada o‘rinlar va reytinglardan foydalanishni istisno qiluvchi, BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasini amalga oshirishni kuzatish mexanizmining asosiy hujjatlarida mavjud tamoyillardan kelib chiqamiz.
Korrupsiya amalda u yoki bu shaklda dunyoning barcha mamlakatlarida mavjud. Shu bilan birga, mamlakatlar iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyoti, tarixiy yo‘li, madaniyati, dini va boshqa omillar o‘laroq, bir-biridan keskin farq qiladi. Shuning uchun korrupsiyaga qarshi kurash sohasida o‘rinlar va reytinglar/indekslarning joriy etilishi xolis bo‘lishi va murakkab voqelikni to‘liq ifodalashi qiyin.
Taʼkidlash joizki, korrupsiyaga qarshi kurash bu musobaqa emas, balki davlat institutlari, fuqarolik va tadbirkorlik hamjamiyatlarining uzluksiz, izchil va har tomonlama saʼy-harakatlarini talab qiladigan muntazam ishdir.
Korrupsiyaga qarshi kurashda kelajakda qanday yo‘nalishlarga e’tibor qaratish lozim deb o‘ylaysiz?
Bunday yo‘nalishlar huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish orqali, jumladan, yoshlar bilan ishlash, korrupsiyaga qarshi ta’lim va korrupsiyani mutlaqo rad etish darajasini kuchaytirishni o‘z ichiga olishi mumkin. san'at, adabiyot, madaniyatning eng yorqin va ommabop nomoyondalarini jalb qilish ulkan salohiyatga ega bo‘lib, ular o‘z asarlari orqali yoshlar qalbiga kirib borishi va vijdonsizlikni, har qanday holatda ham boyib ketish tashnaligini rad etuvchi, halollik, ochiqlik va sog‘lom raqobat ruhini rag‘batlantiruvchi ichki tamoyillar va xatti-harakatlar stereotiplarini shakllantirishga hissa qo’shishi mumkin.
