O‘zbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati: xalqaro standartlar va milliy tizim
Abstrak
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro standartlar, korrupsiyaning davlat va jamiyat hayotiga, shu jumladan inson huquqlariga amal qilinishiga salbiy taʼsiri ko‘rsatilib, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yangi O‘zbekiston siyosati haqida maʼlumot berilgan.
##semicolon##
Qanday qilib iqtibos keltirish kerak
Korrupsiyaga qarshi kurash dunyo miqyosida bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bu illatga qarshi kurashish dunyoning ko‘plab mamlakatlarini qamrab olmoqda. O‘zbekiston Respublikasi ham korrupsiyaga qarshi kurashga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Hozirgi paytda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurash doirasida bir qator dasturlar qabul qilindi va ular bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tub islohotlarning diqqat markazida inson huquq va manfaatlarini himoya qilish masalasi turar ekan, taraqqiyot kushandasi, inson huquqlarining qo‘pol ravishda buzilishiga olib keladigan korrupsiyaga qarshi izchil kurash davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi. O‘zbekiston 2008-yil 7-iyuldagi Qonun bilan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi Konvensiyasiga, 2010-yilda esa Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti Korrupsiyaga qarshi kurashish tarmog‘ining Istanbul harakatlar dasturi aʼzosiga aylandi.
Korrupsiya inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlashga xizmat qiladigan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro normalarning amalga oshirilishini qiyinlashtiradigan omildir. Korrupsiya ko‘lami iqtisodiyotning rivojlanishiga salbiy taʼsir ko‘rsatadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi korrupsiyadan xoli mamlakat barpo etishni nazarda tutadi. Ushbu maqsad bugun butun jamiyatimizni jipslashtiruvchi omilga aylanmoqda”.
Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlik
Inson huquqlari sohasidagi xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMTning inson huquqlari bo‘yicha ustav organlari hamda shartnomaviy qo‘mitalari korrupsiyaning inson huquqlarini ro‘yobga chiqarishga salbiy taʼsir ko‘rsatishiga alohida eʼtibor qaratadi va korrupsiyaga barham berish bo‘yicha o‘zining muhim tavsiyalarini taqdim etadi. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish: “Korrupsiya jamiyat ishonchiga nisbatan eng razil, jinoyatkorona, axloqsiz xoinlikdir. U, ayniqsa, pandemiyaga o‘xshaydigan inqirozlar vaqtida halokatlidir”, – deb yozadi.
Korrupsiya siyosiy va iqtisodiy tuzumidan hamda rivojlanish darajasidan qatʼi nazar, barcha mamlakatlarda mavjud. Korrupsiya transmilliy voqelik bo‘lib, u bilan kurashish uchun milliy siyosatdan tashqari xalqaro hamkorlik ham zarurdir. BMT tomonidan korrupsiyaga qarshi qator xalqaro hujjatlar, jumladan, 1996-yilda Xalqaro tijorat operatsiyalarida korrupsiya va poraxo‘rlik bilan kurashish to‘g‘risidagi deklaratsiya, 1996-yilda Davlat mansabdor shaxslarining xalqaro xulq-atvor kodeksi, 2000-yilda Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi konvensiya; 2003-yilda Korrupsiyaga qarshi konvensiya va boshqalar qabul qilingan.
Shuningdek, BMT Bosh Assambleyasining 2003-yil 21-noyabrdagi rezolyutsiyasiga muvofiq, 2004-yildan boshlab “9-dekabr – Butunjahon korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” sifatida nishonlab kelinmoqda.
Xalqaro tijorat operatsiyalarida korrupsiya va poraxo‘rlikka qarshi deklaratsiya, xususan, BMTga aʼzo har bir davlatda xalqaro tadbirkorlik operatsiyalarida korrupsiyaning barcha shakllariga, jumladan, amaldagi qonunlarning samarali qo‘llanilishini taʼminlash, korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha samarali va aniq choralar ko‘rish zarurligini taʼkidlaydi.
BMTning Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi konvensiyasi korrupsiyani transmilliy jinoyatchilik hodisasi sifatida baholaydi. BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasida korrupsiya faqat alohida davlatlarning muammosi emas, balki transmilliy hodisaga aylanganligi taʼkidlanadi. Shuningdek, konvensiyada korrupsiyaning oldini olishda barcha davlatlar masʼul ekanligi va bu sohadagi saʼy-harakatlar samarali bo‘lishi uchun davlat organlari bilan fuqarolik jamiyati institutlari, fuqarolar hamkorlikda faoliyat olib borishlari kerakligi belgilanadi.
Korrupsiya inson huquqlarining amal qilishiga bevosita salbiy taʼsir ko‘rsatadi.
Birinchidan, korrupsiya jamiyatni sog‘liqni saqlash, taʼlim, infratuzilmani yaxshilash va xavfsizlikni taʼminlash sohasidagi ehtiyojlarni qondirish uchun foydalanishi mumkin bo‘lgan muhim resurslardan mahrum qiladi.
Ikkinchidan, korrupsiya davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga, xususan, odil sudlov tizimiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri salbiy taʼsir qiladi. Korrupsiya davlat organlariga nisbatan ishonchga putur yetkazadi, jumladan, sudlarni inson huquqlarini himoya qilishni kafolatlash imkoniyatidan mahrum qiladi.
Korrupsiya inson huquqlarini taʼminlash bilan bog‘liq tovar va xizmatlardan foydalanishga salbiy taʼsir qiladi. Davlatning turli sohalaridagi siyosatini amalga oshirishga, ayniqsa, ijtimoiy dasturlarni amalga oshirishga, huquq ustuvorligini taʼminlash jarayoniga putur yetkazadi.
Korrupsiya tufayli, birinchi navbatda, aholining eng zaif qatlamlari va shaxslar qiynaladi. Shuning uchun korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha choralar inson huquqlari sohasidagi normalarga muvofiq bo‘lishi kerak. Inson huquqlari sohasidagi normalar, prinsiplar va mexanizmlar korrupsiyaga qarshi choralar samarasini yanada kuchaytiradi.
Korrupsiya insonning shaxsiy, siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy huquqlarini amalga oshirishi yo‘lidagi eng katta g‘ovdir. Korrupsiya ochiqlik, shaffoflik, hisobdorlik, kamsitmaslik va insonning jamiyat hayotining hamma jabhalarida ishtirok etishi bilan bog‘liq inson huquqlarini himoya qilish prinsiplarini buzadi. Bu prinsiplarga rioya qilish korrupsiyaga qarshi kurashishning eng samarali vositalari hisoblanadi.
O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosati
Mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi murosasiz kurashishning ilg‘or xalqaro standartlariga asoslangan tizimini joriy etish bo‘yicha izchil choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatida ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikni taʼminlash hamda mansabdor shaxslarning aholi oldidagi hisobdorligini yo‘lga qo‘yish orqali davlat boshqaruvida samarali va taʼsirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun zarur sharoitlar yaratildi.
Barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan, Hisob palatasi,Markaziy bank, sud va prokuratura organlari hamda ularning tarkibiy va hududiy bo‘linmalari, shuningdek, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari hamda davlat unitar korxonalari tomonidan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasida oxirgi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida korrupsiyaning oldini olish bilan bog‘liq holat izchil yaxshilanib borayotganligi xalqaro eʼtirofga sabab bo‘lmoqda. Buni bu boradagi xalqaro reytinglarda O‘zbekiston o‘rni yaxshilanib borayotganligidan ham ko‘rish mumkin. Bunga mamlakatda amalga oshirilayotgan korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash siyosati muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Uning quyidagi jihatlarini ko‘rsatib o‘tishimiz mumkin:
Birinchidan, Davlatimiz rahbarining korrupsiyaga qarshi kurashishdagi kuchli siyosiy irodasi, uning tizimlilik, izchillik va ochiqlik tamoyillariga muvofiq amalga oshirilayotgan strategiyasi bu yo‘nalishda qo‘lga kiritilayotgan muvaffaqiyatlarning asosiy omili bo‘lmoqda. Prezidentimiz Sh. Mirziyoyev o‘zining murojaatnomalari, nutqlarida bu baloga qarshi kurashning nechog‘li muhim ekanligini qayta-qayta taʼkidlab kelmoqda. BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida Sh. Mirziyoyev respublikamizda o‘z yechimini kutayotgan dolzarb masalalardan biri – bu korrupsiyaga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlarni tizimlilik asosida muvofiqlashtirish va tubdan yangilash, davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiya bilan bog‘liq holatlarga chek qo‘yish, deb taʼkidladi. Prezident tomonidan ilgari surilgan mazkur tashabbus O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi milliy qonunchilik asoslari hamda huquq amaliyotining takomillashtirilishi bo‘yicha aniq chora-tadbirlar bilan tasdiqlandi.
Ikkinchidan, korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish borasidagi faoliyatning institutsional asoslari yaratildi. Oliy Majlisning har ikkala palatalarida ham Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari bo‘yicha qo‘mitalar tashkil etildi, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturlari belgilanib, ijrosi taʼminlandi. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi va uning hududiy idoralararo komissiyalari O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi va uning hududiy kengashlari etib qayta tashkil etildi. Milliy kengashning ishchi organi – Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Agentlikka davlat organlari, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlarining birgalikdagi faoliyatini taʼminlash vazifasi yuklatildi.
Uchinchidan, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi milliy qonunchilik xalqaro standartlarga asosan muvofiqlashtirildi. O‘zbekistonning BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga qo‘shilishi – korrupsiyaga qarshi kurashning huquqiy asoslarini takomillashtirishga zamin yaratdi. Mamlakatimizda “korrupsiya” so‘zi ishlatilgan 210 ta normativ-huquqiy hujjat mavjud. BMTning Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi konvensiyasi normalarini milliy qonunchilikka va huquqni qo‘llash amaliyotiga implementatsiya qilish bo‘yicha muhim qadamlar qo‘yildi. Korrupsiyaga qarshi samarali kurash olib borish maqsadida 2017-yil yanvarda “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qabul qilinishi davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining korrupsiyaga qarshi kuch va imkoniyatlarini birlashtirib, yaxlit tizimni yaratish imkonini berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-maydagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, 2021-yil
16-iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi, 2021-yil 6-iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonlari, 2021-yil 6-iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi, 2022-yil 12-yanvardagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarorlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Mazkur normativ-huquqiy hujjatlar bilan quyidagilar nazarda tutilmoqda:
birinchidan, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish chora-tadbirlari belgilandi;
ikkinchidan, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar nazarda tutildi;
uchinchidan, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga chek qo‘yish, imkoniyat yaratuvchi sabablar, shart-sharoitlarni bartaraf etish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish chora-tadbirlari mustahkamlandi;
to‘rtinchidan, korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha xalqaro hamkorlikni kengaytirish chora-tadbirlari belgilandi.
To‘rtinchidan, korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadbirlarning asosiy maqsadi korrupsiyaning oqibatlari bilangina kurashib bo‘lmasligini, balki korrupsiya holatlarini keltirib chiqaradigan omillarni bartaraf etish, korrupsiyaning barvaqt oldini olish bo‘yicha ishlarni ham o‘z ichiga oladi.
Jumladan:
1) davlat organlari faoliyatining, jumladan, moliyaviy faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash;
2) ochiq eʼlon qilinishi lozim bo‘lgan maʼlumotlar ro‘yxatini kengaytirish;
3) davlat boshqaruvi organlari faoliyati ustidan davlat nazoratini amalga oshirishda manfaatlar to‘qnashuvi vujudga kelishini bartaraf etish;
4) korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini taʼminlash;
5) korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi axborotni xabar qiluvchi shaxslar va ularning yaqin qarindoshlariga nisbatan davlat himoyasi kafolatlarini kuchaytirish;
6) korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning ochiq elektron reyestri yuritilishini taʼminlash, unga kiritilgan shaxslarga nisbatan cheklovlarni amalga oshirish;
7) jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirish, shuningdek, Oliy Majlis palatalari va siyosiy partiyalarning, ommaviy axborot vositalarining rolini yanada kuchaytirish;
8) korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish;
9) davlat boshqaruvi tizimida “inson omili”ni kamaytirib, raqamli texnologiyalarini keng joriy etish, davlat xizmatlarini ko‘rsatish, ruxsat berishga doir tartib-taomillarni soddalashtirish;
10) kadrlarning intellektual salohiyatini, maʼnaviy fazilatlarini baholaydigan ochiq va oshkora tanlov tizimini joriy etish;
11) davlat organlari va idoralarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat (komplayens-nazorat) tuzilmalari faoliyatini kuchaytirish;
12) korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha davlat xizmatchilarini muntazam o‘qitish va bilimini baholab borish, o‘qitishning “halollik vaksinasi”ga asoslangan tizimini joriy etish;
13) jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni kuchaytirish maqsadida aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yanada oshirish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi.
Shu bilan birga, ko‘rilayotgan tizimli choralarga qaramasdan, budjet mablag‘laridan foydalanish, davlat xaridlari, kapital qurilish, litsenziya va ruxsatnomalarni olish, bank kreditlarini ajratish, ishga qabul qilish kabi yo‘nalishlarda korrupsiya holatlari saqlanib qolmoqda.
Adliya vazirligi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda qurilish, sog‘liqni saqlash, oliy taʼlim va davlat xaridlari sohalarini tartibga soluvchi 226 ta qonunchilik hujjatlari korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilgan va uning natijasiga ko‘ra, ushbu hujjatlarning
75 tasida 302 ta korrupsiyaviy omillar aniqlangan. Shuningdek, milliy qonunchiligimizda korrupsiyaviy jinoyatlar toifalari aniq emas. Biz, ko‘pincha, pora berish va pora olish va shu kabi boshqa jinoyatlarni korrupsiyaviy jinoyat deb baholaymiz. Vaholanki, yuqorida sanab o‘tilganidek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri moddiy manfaatdorlik bilan bog‘liq bo‘lmagan jinoyatlar ham korrupsiyaviy bo‘lishi mumkin.
Bugungi kunda Oliy Majlis palatalari tomonidan Jinoyat kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ustida ish olib borilmoqda. Shuningdek, yangi Jinoyat kodeksi loyihasida uni “korrupsiyaga oid jinoyatlar” degan yangi atama bilan to‘ldirish va unda korrupsiyaviy jinoyatlarni aniq moddalari va bandlarini ko‘rsatish taklif etilmoqda.
Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi: korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida yangi vazifalar
Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida korrupsiyaga moyil bo‘lgan soha va tarmoqlarni aniqlash, korrupsiya omillarining oldini olish tizimi samaradorligini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirish Yangi O‘zbekistonni barpo etish maqsadlaridan biriga aylandi. Normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda “Korrupsiyasiz qonunchilik” tamoyili hayotga tatbiq etilmoqda, inson omili taʼsirini va uning turli davlat xizmatlarini ko‘rsatishga aralashuvini kamaytirish choralari ko‘rilmoqda, korrupsiyaga qarshi kurashishda zamonaviy axborot texnologiyalari joriy etilmoqda.
“Transparency International” xalqaro tashkilotining 2021-yil uchun Korrupsiyani qabul qilish indeksida mamlakatimiz o‘z o‘rnini 6 pog‘ona yaxshilab, 180 ta davlat ichida 140-o‘rinni egalladi va so‘nggi besh yilda 17 pog‘ona yuqoriladi. Tashkilot hisobotida O‘zbekiston Markaziy Osiyoda o‘rnak bo‘layotganligi va so‘nggi 5 yilda eng barqaror o‘sish ko‘rsatkichiga erishgan jahondagi 6 ta davlatdan biriga aylangani alohida taʼkidlangan. Shubhasiz, indeks natijalari mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish ortga qaytmas tus olgani, ushbu illatga qarshi amaliy va taʼsirchan choralar ko‘rilayotganidan dalolat beradi.
Davlat xaridlari sohasidagi qonunchilik bazasi takomillashtirildi. Davlat xaridlari bo‘yicha yagona maʼlumotlar bazasi bo‘lgan maxsus axborot portali (www.xarid.mf.uz) tashkil qilindi. Amalga oshirilgan operatsiyalar natijasida 5,8 trillion so‘m tejaldi. 2022-yilning 1-yanvaridan boshlab to‘liq elektron xaridlar yo‘lga qo‘yildi.
Raqamli texnologiyalar imkoniyatidan keng foydalangan holda transport vositalariga davlat raqam belgilarini berish, notariat va boshqa davlat xizmatlarini ko‘rsatish, yer uchastkalarini ajratish, yo‘l harakati qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish kabi ko‘plab sohalarda korrupsiya va suiisteʼmolchiliklarning oldini olishga qaratilgan samarali mexanizmlar joriy etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi Farmoni bilan tasdiqlangan 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasining 83- va 84-maqsadlari bevosita O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyati samarasini quyidagi yo‘nalishlarda yanada kuchaytirishni nazarda tutadi:
– davlat xizmatida halollik standartlarini joriy etish;
– korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish tizimining samaradorligini oshirish;
– jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish;
– korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;
– jamoatchilik nazoratini olib borishni qo‘llab-quvvatlash;
– korrupsiyaga qarshi kurashish amaliyotida tizimli preventiv choralarni kuchaytirish;
– aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini uzluksiz oshirish tizimini joriy qilish;
– normativ-huquqiy hujjatlarning “korrupsiyadan xoli qonunchilik” tamoyili asosida ishlab chiqilishini taʼminlash.
Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasining “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining jami 8 ta bandi bevosita korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlarni nazarda tutadi.
Korrupsiyaga qarshi qonun hujjatlari inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha taʼlim-tarbiya va targ‘ibot chora-tadbirlarisiz yetarlicha samara bermaydi. Jumladan, sudyalar, prokurorlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini korrupsiyaga qarshi qonunlarni qo‘llash va inson huquqlari bo‘yicha o‘qitish va malakasini oshirish muhim. Shunday tadbirlar Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz tomonidan amalga oshirilmoqda. Markazda sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbar-xodimlarining inson huquqlari sohasidagi malakasini oshirish bo‘yicha doimiy treninglar o‘tkazilib kelinmoqda. Bu treninglarda shu kunga qadar 1500 nafardan ortiq sudyalar, prokurorlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlar o‘qitildi.
Zero, korrupsiyaga qarshi kurashish ushbu sohadagi qonunchilikni hamda huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish, davlat organlari va davlat xizmatchilari faoliyatining oshkoraligini kengaytirish bilan birga, korrupsiyaga qarshi kurashish va inson huquqlarini taʼminlash bo‘yicha taʼlim, targ‘ibot va inson huquqlariga rioya qilish madaniyatini kuchaytirish tadbirlarini yanada keng targ‘ib qilishni ham talab qiladi.
