O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi kurashishning yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda
Abstrak
2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasi ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijalari hamda uning mantiqiy davomida bo‘lgan 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida Agentlikka yuklatilgan vazifalar ijrosi yuzasidan maʼlumot berilgan.
##semicolon##
Qanday qilib iqtibos keltirish kerak
Bugungi zamonda vaziyat daqiqa sayin o‘zgarib bormoqda. Ushbu jarayonda maqsadlar ustuvorligini to‘g‘ri belgilash va maqbul qarorlar qabul qilish eng murakkab vazifalardan biridir.
O‘zbekiston ham ochiqlik siyosatini tanlashi natijasida, o‘zgarishlarni barcha davlatlar bilan bir vaqtning o‘zida qabul qilmoqda va global jarayonlarning bevosita ishtirokchisiga aylanmoqda.
Taʼkidlash joizki, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarnining asosi bo‘lgan, xalqning fikr va mulohazalari hamda takliflari asosida shakllantirilgan “2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”da belgilangan vazifalar hayotga izchil tadbiq etildi.
Xususan, Harakatlar strategiyasida belgilangan 320 ta bandning ijrosi doirasida davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan isloh etishga qaratilgan 300 ga yaqin qonun, 4 mingdan ziyod O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qaror va farmonlari qabul qilindi. Eʼtiborli jihati – mazkur saʼy-harakatlarni, o‘zgarishlarni har bir fuqaro o‘z hayotida his qila boshladi.
Bu kabi islohotlarning uzviy davomi sifatida 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi qabul qilindi.
Ushbu hujjat ishlab chiqilishida xalqimiz faol ishtirok etdi va o‘z taklif va mulohazalarini bildirib o‘tdi.
Taraqqiyot strategiyasida yettita ustuvor yo‘nalish bo‘yicha “Inson qadri uchun – 100 ta maqsad” belgilab olingan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish ham ushbu ustuvor maqsadlar qatorida alohida qayd etilgan bo‘lib, bu borada ham boshlangan islohotlar izchillik bilan davom ettirilishi bilan birga, yangi bosqichga ko‘tarish vazifasi qo‘yilgan. Jumladan, davlat boshqaruvi organlari faoliyatini “fuqarolarga xizmat qilishga yo‘naltirish” tamoyili asosida transformatsiya qilish, ixcham, professional, adolatli, yuqori natijadorlikka xizmat qiladigan davlat boshqaruvi tizimini joriy qilish, davlat xizmatida halollik standartlarini joriy etish, korrupsiyaga moyil soha va tarmoqlarni aniqlash, korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish tizimining samaradorligini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga doir vazifalar yuklatilgan.
Masalan, 10-maqsadda davlat fuqarolik xizmati tizimini zamonaviy standartlar asosida tashkil etishda korrupsiya omillarini bartaraf etish, kadrlarni tanlov asosida ishga qabul qilish va ular faoliyati samaradorligini baholashning huquqiy asoslarini takomillashtirish vazifasi belgilangan.
Maʼlumki, korrupsiyaviy holatlarning aksariyati ishga kirish va lavozim pog‘onalaridan o‘sish jarayonlarida yuz beradi. Shu boisdan, ishga kirish tizimidagi shaffoflikni taʼminlash bo‘yicha boshlangan ishlarni yakuniga yetkazib, barcha jarayonlarni ochiqligini taʼminlashimiz lozim.
Ushbu yo‘nalishning uzviy davomi sifatida 83-maqsad, yaʼni davlat xizmatida halollik standartlarini joriy etish belgilangan.
Yaʼni, davlat xizmatchisi korrupsiyaviy holatning asosiy subyektidan biri ekan, unga halollikni singdirish, uning xizmat faoliyatida fuqarolar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri munosabatni cheklash hamda shaffoflashtirish lozim bo‘ladi.
Bu borada asosiy vazifa etib davlat xizmatida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha samarali mexanizmlarni yaratish vazifasi yuklatildi. Buning uchun, avvalo, qonunchilikdagi bo‘shliqlarni to‘ldirish va davlat xizmatida qarorlar qabul qilish bilan bog‘liq har qanday jarayonlarning ochiqligini taʼminlash va jamoatchilik ishtirokini kengaytirish zarur.
Bu borada muhim ijtimoiy-siyosiy masalalar bo‘yicha ochiq maʼlumotlarning doirasini yanada kengaytirish va mazkur maʼlumotlardan to‘siqlarsiz foydalanishni taʼminlash muhim ahamiyatga ega.
Agentlik tomonidan mazkur jarayonda birinchidan, ochiq maʼlumotlarning doirasini yanada kengaytirish, ikkinchidan, mazkur maʼlumotlardan to‘siqlarsiz foydalanish maxanizmlarini yaratishga eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, barcha davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlik darajasini 84 ta baholash mezonini qamrab olgan 8 ta indikator bo‘yicha baholab borish, bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligi va natijadorligini baholab borish tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda. Shu bilan birga ochiq maʼlumotlar to‘plamini pasportlash tartibini joriy etish, qayta aloqa tizimining samaradorligini o‘rganish va baholash tizimini joriy qilish, hududiy davlat boshqaruvi organi tomonidan ochiq eʼlon qilinishi lozim bo‘lgan maʼlumotlarning namunaviy shakllarini ishlab chiqish belgilanmoqda.
Albatta, korrupsiyaga qarshi kurashishda preventiv choralar yaʼni tarmoqlar va sohalar miqyosida korrupsiyani oldini olishga qaratilgan mexanizmlar va aholini ushbu jarayonga keng jalb etish muhim ahamiyatga ega. Ushbu masalalar strategiyaning
84-maqsadida o‘z aksini topdi.
Bu vazifa ijrosini taʼminlash maqsadida korrupsiyaga qarshi kurashishga zamonaviy axborot, shu jumladan sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish lozimligi qayd etilgan. Maʼlumki, Agentlik tomonidan xalqaro tashkilotlar, davlatlar bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan. 2021 – yilda Yevropa davlatlariga amalga oshirilgan ishchi tashriflarda bu kabi texnologiyalar juda yaxshi samara berayotgani o‘rganib kelindi.
Ushbu maqsadning yana bir katta yo‘nalishi – korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, jamoatchilik nazoratini olib borishni qo‘llab-quvvatlash hisoblanadi.
Bunga alohida eʼtibor berilgani ham bejiz emas. Chunki, korrupsiyaga murosasiz fuqarolar, ommaviy axborot vositalari, nodavlat notijorat tashkilotlari qatlamini shakllantirmas ekanmiz, yuqorida amalga oshirilishi rejalashtirilgan islohotlarimiz yetarli darajada samarasini bermaydi.
Bu borada OAV vositalari vakillarini ushbu jarayonga kengroq jalb etish va ularning bu sohadagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish alohida ahamiyat kasb etadi.
Shu bilan birga, aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini uzluksiz oshirish tizimini joriy qilish belgilangan.
Bu jarayonga ham zamonaviy usullar asosida yondoshish maqsadga muvofiqdir. Buning uchun hamkor tashkilotlar bilan birgalikda “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiya”sini joriy etish ustida ish boshlandi.
Ushbu akademiya onlayn platforma ko‘rinishida bo‘ladi va davlat xizmatchilari uchun hamda aholi uchun maxsus kurslardan iborat bo‘ladi. Jumladan, bazaviy (xususiy sektor vakillari, fuqarolar va yoshlar) hamda maxsus chuqurlashtirilgan (rahbar, xodim, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi (komplayens xizmati) xodimi, ichki audit xizmati, kadrlar bo‘limi, ichki xavfsizlik va.h.k.) shakllarda tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, ushbu kurslar barcha uchun ochiq bo‘lib, istalgan fuqaro (bepul) korrupsiyaga oid bilimlarini mustahkamlashi va imtihondan o‘tkazib olish bo‘yicha imkoniyati yaratiladi. Bu orqali aholi va davlat xizmatchilarining sohaga doir huquqiy bilim va ongini yuksaltirish bo‘yicha keng qamrovli tizim joriy qilinadi hamda kurslarni muvaffaqqiyatli tugatganlarga maxsus sertifikatlar taqdim etiladi.
Muxtasar qilib aytganda, yuqoridagi vazifalarning barchasi Strategiyaning inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish, mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish kabi yo‘nalishlarini hayotga to‘la tatbiq etishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.
Bizning oldimizda turgan asosiy vazifa esa, ushbu maqsadlarni hayotga tatbiq etayotganimizda ularning barchasini, xalqimiz o‘z hayotida, bugungi kunida xis qilishiga sharoit yaratadigan darajada amalga oshirish lozim bo‘ladi.
