Korrupsiyaga qarshi kurashishda parlamentning roli
Abstrak
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 5 ta asosiy faoliyat yo‘nalishlari haqida to‘xtalib o‘tilgan.
##semicolon##
Qanday qilib iqtibos keltirish kerak
Korrupsiya lotincha “corrumpere” so‘zidan olingan bo‘lib, “buzmoq” degan maʼnoni bildiradi.
Korrupsiya – shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab, moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek, bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishni anglatadi.
Yurtimiz tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Sohibqiron Amir Temur o‘z saltanatida davlat xizmatchilarining maoshini oshirib borishi barobarida, korrupsiyaga qo‘l urgan shaxslarni qattiq jazolagan.
U korrupsiyaga qarshi jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga intilgan. Aholi vakillari bilan suhbatlar olib borib, ulardan joylardagi rahbarlarning adolatsizlikka yo‘l qo‘yishi, taʼmagirlik qilishi holatlarini aniqlagan hamda ularni xolislarning ko‘z o‘ngida jazolagan.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, korrupsiya dunyo iqtisodiyotiga har yili o‘rtacha
2,6 trillion dollar zarar keltiradi. Bu esa dunyo yalpi ichki mahsulotining 3 foizini tashkil etadi.
Korrupsiya mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy hayotiga quyidagicha salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi:
Bugungi kunda dunyoda korrupsiya turli shakllarda namoyon bo‘lmoqda. Ular jumlasiga:
– pora, mansabdor shaxsni “sotib olish”, “ustama haq” olish;
– davlat resurslarini o‘zlashtirish, rastrata (kamomad);
– tanish-bilish yo‘li bilan o‘z yaqinlarini lavozimga tayinlash;
– davlat funksiyalarini amalga oshirishda manfaatlar to‘qnashuvi;
– muayyan masalani hal etishda qimmatbaho sovg‘alar berish va olish;
– davlat xizmatchisining biznesga noqonuniy “rahnamolik” qilishi;
– mansabini suiisteʼmol qilgan holda fuqarolarda huquqini talab qilish istagini yo‘qotish;
– boshqaruvda hiyla-nayrang (saylovlarni soxtalashtirish, ayrim guruh manfaati yo‘lida adolatsiz qaror qabul qilish);
– sudning mustaqilligiga daxl qilish;
– sunʼiy tanqislikni vujudga keltirish;
– siyosatchilarning xalqqa “yaxshi kishi bo‘lib ko‘rinishi” uchun o‘z mavqeidan foydalangan holda qonunga xilof ravishda davlat xizmatlarini ko‘rsatishi va h.k.
Lekin afsuski, milliy qonunchiligimizda korrupsiyaviy jinoyatlarning toifalari aniq emas. Biz, ko‘pincha, pora berish va pora olish va shu kabi boshqa jinoyatlarni korrupsiyaviy jinoyat deb kelamiz. Vaholanki, yuqorida sanab o‘tilganidek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri moddiy manfaatdorlik bilan bog‘liq bo‘lmagan jinoyatlar ham korrupsiyaviy ko‘rinishda bo‘lishi mumkin.
Shu sababli bugungi kunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Bosh prokuratura bilan hamkorlikda Jinoyat kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ustida ish olib borilmoqda. Unga muvofiq, Jinoyat kodeksining sakkizinchi bo‘limini “Korrupsiyaga oid jinoyatlar” degan yangi atama bilan to‘ldirish va unda korrupsiyaviy jinoyatlarni aniq moddalari va bandlari bilan ko‘rsatish taklif etilmoqda. Qonun loyihasi bilan korrupsiyaviy jinoyatlar uchun jazoni kuchaytirish nazarda tutilmoqda.
Javobgarlikdan va jazodan ozod qilish muddatlari og‘ir va o‘ta og‘ir korrupsiyaviy jinoyatlarga nisbatan tatbiq etilmasligi belgilanmoqda.
Taʼkidlash lozimki, O‘zbekistonning
2008-yilda BMT Korrupsiyaga qarshi Konvensiyasiga qo‘shilishi korrupsiyaga qarshi kurashning huquqiy asoslarini takomillashtirishga zamin yaratdi.
Mamlakatimizda “korrupsiya” so‘zi ishlatilgan 210 ta normativ-huquqiy hujjat mavjud. Albatta, ularning barchasida ushbu so‘z korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish maqsadida ishlatilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
(7-dekabr 2018-yil Konstitutsiyamizning
26 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali yig‘ilishdagi maʼruzada) taklifi asosida 2019-yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi” tashkil etilgan.
Qo‘mita korrupsiyaga qarshi kurashish borasida parlamentning asosiy vazifa va funksiyalaridan kelib chiqib, 5 ta yo‘nalishda ish olib boradi.
Uning faoliyatiga avvalambor, qonun ijodkorligi faoliyati kiradi. Qo‘mita har yili korrupsiyaga qarshi kurashish hamda sud-huquq masalalariga oid o‘rtacha 40 ta qonun loyihalarini olib chiqadi. Bu Quyi palata tomonidan har yili ko‘rib chiqiladigan qonun loyihalarining 25-30 foizini tashkil etadi.
Masalan, Qo‘mita “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, 2021-yil 18-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, davlat organlaridagi byurokratiyaning oldini olishga qaratilgan “Maʼmuriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlikni nazarda tutuvchi va boshqa qator qonunlarga masʼul bo‘lgan.
Bundan tashqari, Qo‘mita boshqa sohadagi qonunlarning ishlab chiqilishida ham ularda korrupsiyaviy normalar xavfining oldini olish nuqtai nazaridan ishtirok etmoqda. Masalan, “Yer uchastkalarini ajratish va ulardan foydalanish, shuningdek, yerlarni hisobga olish va davlat yer kadastrini yuritish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunning loyihasini tayyorlashda Qo‘mita bevosita ishtirok etgan.
Qonun ijodkorligining ikkinchi yo‘nalishi bu qonunlarni korrupsiyaga sharoit yaratuvchi normalardan xoli qilishdir. O‘tgan davr mobaynida Qo‘mita parlamentga taqdim etilayotgan qonun loyihalarida aniqlangan 40 dan ortiq korrupsiogen normalarni aniqlagan va ularni chiqarib tashlash yoki o‘zgartirishga erishgan.
Bundan tashqari, Qo‘mita tomonidan amaldagi qonunlar ham korrupsiyaga qarshi tahlil qilib borilmoqda. Masalan, Qo‘mita amaldagi qonunlarda 10 dan ortiq korrupsiogen normalarni aniqlab, ular yuzasidan tahliliy maʼlumot tayyorlagan va bu masalada tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihalarini tayyorlash rejasiga kiritish choralarini ko‘rgan.
Qo‘mitaning ikkinchi faoliyat yo‘nalishi bu parlament nazorati. Qo‘mita o‘tgan davr mobaynida 20 dan ortiq nazorat-tahlil tadbirlarini o‘tkazgan.
Sog‘liqni saqlash, qurilish va boshqa qator sohalarda bevosita joylarga chiqqan holda korrupsiyaning oldini olishga oid qonunlarning ijrosi o‘rganilgan.
Tizimda korrupsiyaning oldini olish, komplayens nazorati samaradorligini oshirish, korrupsiyaga murosasiz madaniyatni shakllantirish maqsadida Davlat bojxona qo‘mitasi, Sog‘liqni saqlash, Adliya, Qurilish vazirliklari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbarlarining axboroti eshitilgan. Eshituv yakunlari bo‘yicha tizimda korrupsiyaning oldini olish, davlat xizmatlarini ko‘rsatishni raqamlashtirishni kengaytirish va boshqalarni o‘z ichiga olgan Qo‘mita qarorlari chiqarilib, ijroga qaratilgan.
Eshituv yakunlari bo‘yicha ayrim korrupsiyaga sharoit yaratuvchi idoraviy-meʼyoriy hujjatlarni bekor qilishga erishilgan. Masalan, Qo‘mita taklifiga asosan, Davlat bojxona qo‘mitasi raisining 2021-yil
25-fevraldagi 01-02/8-11-son buyrug‘iga binoan, “Tovarlar va transport vositalarini belgilangan joylardan tashqarida va bojxona organlarining belgilangan ish vaqtidan tashqari vaqtda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazganlik uchun bojxona yig‘imlarini undirish tartibi” (AV № 925, 2000-yil 11-may) hamda ushbu hujjatga aloqador yana 4 ta hujjat o‘z kuchini yo‘qotgan.
Uchinchi faoliyat yo‘nalishi bu joylarda muloqot o‘tkazish. Davlat rahbarining tashabbusi bilan taklif etilgan ushbu usul asosida deputatlar joylarga chiqib, jamoatchilik vakillari, tadbirkorlar, sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, advokatlar bilan muloqot o‘tkazib kelmoqdalar, ular orasida anonim ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazilmoqda. Muloqot davomida hududda korrupsiyaning oldini olish, odil sudlovni taʼminlash borasida ko‘tarilgan masalalar xalq deputatlari mahalliy kengashlari sessiyalarida ko‘rib chiqilgan.
To‘rtinchi faoliyat yo‘nalishimiz turli kollegial organlar ishida ishtirok etishdir. Qo‘mita aʼzolari Korrupsiyaga qarshi kurashish Agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashini tuzish bo‘yicha maxsus komissiya, Jinoyat va Jinoyat protsessual qonunchiligini takomillashtirish komissiyasi, Sudyalar oliy kengashi, Yangi O‘zbekiston maʼmuriy islohotlari dasturi loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha turli komissiyalar, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi va boshqa kollegial organlar tarkibida faoliyat yuritishmoqda. Masalan, Qo‘mita aʼzolari Jizzax viloyatida Korrupsiyaga qarshi kurashish mahalliy kengashlari faoliyatini tashkil etish, ularga korrupsiyaning oldini olishda maʼmuriy preventiv usullardan foydalanish yuzasidan uslubiy ko‘mak berishgan.
Beshinchi faoliyat yo‘nalishi – bu korrupsiyaga qarshi targ‘ibot. O‘tgan davr mobaynida Qo‘mita aʼzolari televideniye, radio, bosma OAV, internet va ijtimoiy tarmoq sahifalarida 5 mingdan ortiq chiqish qilishgan. Shuningdek, Qo‘mita tomonidan
20 ga yaqin konferensiya, seminar va davra suhbatlari o‘tkazilgan. Qo‘mita aʼzolari korrupsiyaga qarshi xalqaro forumlarda maʼruzalar bilan ishtirok etishgan.
Bundan tashqari, Qo‘mita ilmiy hamjamiyat vakillari bilan sohaga oid ilmiy-amaliy takliflarni ham doimiy muhokama qilib boradi. Olimlar tomonidan taqdim etilgan takliflar asosida Qo‘mita tomonidan turli qonun loyihalari takomillashtirilgan.
Albatta, biz “korrupsiyaga qarshi immunitet”ni hosil qilish uchun nafaqat “korrupsiyaviyer”, balki uning atrofini ham “tozalashimiz”, aniqrog‘i, korrupsiyaga shart-sharoit yaratuvchi omillarni yo‘qotishimiz lozim.
Bizningcha, korrupsiyaga qarshi kurashish uchun quyidagi 4 ta taʼsir vositalari baravar qo‘llanilishi kerak.
Dastlab, halol ishlashni rag‘batlantiruvchi taʼsir. Bunda:
– munosib maosh;
– korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirish;
– halol insonni yuqori lavozimlarga tayinlash prinsipi tatbiq etiladi.
Ikkinchidan, “to‘g‘on vositasi”, yaʼni korrupsiyaga sharoit yaratuvchi omillarni to‘suvchi taʼsir. Bunda:
– davlat xizmatlarini ko‘rsatishda inson omilini qisqartirish;
– huquqbuzarliklarni elektron qayd etish;
– lavozimga ochiq tanlov asosida tayinlash;
– davlat xizmatchilarining o‘z daromadini deklaratsiya qilishi;
– davlat xaridlarining shaffofligini taʼminlash;
– qonunchilikda korrupsiogen normalarni bartaraf etish;
– byurokratik to‘siqlarni bekor qilish;
– manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish;
– sudlarning mustaqilligini taʼminlash muhim rol o‘ynaydi.
Uchinchidan, korrupsiyaga qarshi maʼrifiy taʼsir. Bunda:
– korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish;
– aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish;
– diniy ulamolarimiz tomonidan ham korrupsiyaga qarshi diniy-maʼrifiy daʼvat olib borish maqsadga muvofiq.
To‘rtinchidan, korrupsiyaga qarshi nazorat tizimi. Bunda:
– korrupsiyaga qarshi kurashni muvofiqlashtirgan holda olib borish;
– korrupsiya uchun qattiq jazo va javobgarlikning muqarrarligi;
– korrupsiya natijasida olingan mol-mulkni musodara qilish;
– korrupsiyaviy jinoyat sodir etganlarni davlat xizmatiga qabul qilmaslik;
– korrupsiya holatlarining “latent” bo‘lib qolishining oldini olish;
– korrupsiya yo‘li bilan chiqarilgan qarorlarning bekor qilinishi;
– kuchli jamoatchilik nazorati;
– mansabdor shaxslarning xalq oldida hisobdorligi;
– korrupsiyani fosh etish borasida professional tadqiqotlar olib borishga qodir bo‘lgan nodavlat notijorat tashkilotlari hamda “jurnalistik tekshiruv”lari;
– “korrupsiyaga qarshi ichki audit” tizimining samarali ishlashi talab etiladi.
Umuman olganda, korrupsiyaga qarshi kurashish bu faqat davlat organlarining ishi emas, balki bu borada jamoatchilik vakillari ham birdek harakat qilsagina, maqsadga erishish mumkin bo‘ladi.
