Maʼnaviyat bo‘lmagan joyda adolat bo‘lmaydi
Abstrak
O‘tgan besh yilda sud tizimida korruspiyaga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilgan islohotlar, sudyalarni lavozimga tayinlash jarayonida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni oldini olish hamda sudyalarning xulq-atvorida korrupsiyaga murosasizlikni singdirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida yoritilgan.
##semicolon##
Qanday qilib iqtibos keltirish kerak
“Korrupsiya” atamasiga sharh ham, izoh ham shart emas. Taraqqiyotning kushandasi bo‘lgan mazkur illat haqida jamoatchilik yetarlicha tasavvurga ega. Chunki bu balo kirib bormagan sohaning o‘zi qolmagani rost. Sud tizimi jamiyatning ajralmas bo‘lagi ekan, uning ham bu illatdan xoli emasligi o‘z-o‘zidan ravshan.
Aravani otdan oldin qo‘yib bo‘lmaganidek, har qanday illatga qarshi yetarlicha huquqiy bazasiz samarali kurashib bo‘lmasligi ayon. Chunki korrupsiyaga, birinchi navbatda, qonunchilikdagi bo‘shliqlar va huquqiy hujjatlardagi bir-birini inkor qiluvchi normalar imkoniyat yaratadi.
O‘tgan besh yilda bu borada qator huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Xususan, “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonun yangi tahrirda qabul qilingan bo‘lsa, “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi Qonunga zarur o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Prezidentimizning 2020-yil 7-dekabrdagi “Sudyalarning chinakam mustaqilligini taʼminlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni esa tizimdagi islohotlarning yangi bosqichini boshlab berdi.
Korrupsiyaga qarshi samarali kurashish, mazkur illatning barvaqt oldini olishning ikkita muhim omili bor: ochiqlik va shaffoflik. Qabul qilingan huquqiy hujjatlarda ayni ushbu ikki omil ustuvor ahamiyat kasb etgani bilan ham eʼtiborlidir. Zotan, ochiqlik va shaffolik inson omilini cheklashni talab qiladi. Inson omili cheklangan joyda xolislik ustuvor bo‘lishi – isbot talab qilmaydigan haqiqatdir.
Qayd etilgan Farmonda sudyalik lavozimlariga tanlash va tayinlashda inson omilini cheklashga qaratilgan qator yangi tartiblar belgilandi. Masalan, sudyalik lavozimlariga munosib kadrlarni tanlash va tayinlashni ochiq tanlov va muqobillik asosida, eng muhimi, axborot texnologiyalarini tatbiq etgan holda amalga oshirish yo‘lga qo‘yildi. Natijada, inson omili keskin cheklanib, tanlov jarayoni ochiq va shaffof o‘tishi taʼminlanmoqda. Tanlovni bevosita va bilvosita (onlayn tarzda) kuzatib borish imkoniyati yaratildi. Bu esa munosib nomzodlarni tanlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Sudyalar faoliyatini elektron reyting orqali shaffof baholash tizimi yo‘lga qo‘yilgani ham katta yangilik. Maʼlumki, shu paytgacha sudyalarning faoliyati har ikki yarim yilda o‘rganilib, tegishli xulosa qilinardi. Va bu inson omili yordamida (yaʼni malaka hayʼatlari aʼzolari tomonidan) amalga oshirilar edi. Elektron reytingda esa bu vazifa inson omilisiz amalga oshiriladi.
Sudyalik lavozimiga nomzodlar va sudyalarning psixologik portreti bo‘yicha kasbga munosibligini baholashga ko‘maklashuvchi elektron dastur ishga tushirildi. Mazkur psixologik test yordamida nomzod va sudyalarning qatʼiylik, bosiqlik, jizzakilik, stressga chidamlilik, korrupsiyaga moyillik hamda boshqa psixologik xususiyatlari aniqlanadi. Psixologik test natijasi professional psixolog tomonidan o‘rganib chiqilib, tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lgan xulosa tuziladi. Mazkur
xulosa nomzodning sudyalik lavozimiga tayinlanishida alohida eʼtiborga olinmoqda.
Tizimda korrupsiyaga yo‘l qo‘yilgan har bir holat bo‘yicha Kengash tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazish, ushbu holat sodir bo‘lishiga olib kelgan sabab va shart-sharoitlarni aniqlash va uni bartaraf etish yo‘lga qo‘yildi. Bu ham, o‘z navbatida, korrupsiyaning barvaqt oldini olishda samarasini bermoqda.
Xullas, qayd etilgan yangi tartib va qoidalar sudyalik lavozimiga tayinlashga oid bo‘lsa, nomzod shu bosqichga yetib kelgunga qadar ozmuncha chig‘iriqdan o‘tmaydi. Bu o‘rinda gap sudyalikka nomzodlarni atroflicha o‘rganib, muayyan xulosa qilish jarayoni haqida emas, balki sudyalik lavozimiga nomzodlarni tayyorlashga doir yangi tartiblar haqida bormoqda.
Davlat rahbarining bundan uch yil avval, yaʼni 2019-yilning 6-yanvar kuni PQ–4096-sonli qarori qabul qilinganligidan jamoatchilik yaxshi xabardor. Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sudyalar va sud apparati xodimlarini qayta tayyorlashga, ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirishga oid chora-tadbirlar tartibga solingan mazkur qaror sabab amaliyotga ozmuncha yangilik kiritilgani yo‘q. Ushbu qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzurida Sudyalar oliy maktabi tashkil etildi, uning tarkibiy tuzilmasidan to asosiy faoliyat yo‘nalishlarigacha tubdan yangilandi. Qarorda sudyalik lavozimiga tayinlanish yoshi (35 yosh) aniq belgilandi. Shuningdek, 2020-yil 1-sentabrdan boshlab, sudyalik lavozimlariga faqat sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash kurslarida o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlagan shaxslar tayinlanishi ham yangi qoida sifatida kiritildi.
Qayd etilgan yangi tartib va qoidalar sudyalik lavozimiga nomzodlarning o‘z ustida ko‘proq ishlashiga turtki berishi o‘z-o‘zidan ayon. Shuningdek, mazkur o‘zgarishlar ularda korrupsiyaga nisbatan murosasizlikni yanada shakllantirishda ham katta ahamiyat kasb etadi.
Sudyalik lavozimlari nomzodlarni tayyorlashda maʼlum metodika, ilg‘or taʼlim tajribalaridan samarali foydalanish, qabuldan tortib, oraliq imtihonlardan yoinki bitiruv ishlarigacha bo‘lgan jarayonlarda inson omili maksimal cheklangani, bu, o‘z navbatida, ijobiy natijalarini berayotgani eʼtirofga loyiq, albatta. Biroq, nomzodlarni tayyorlash jarayonida ularda korrupsiyaga nisbatan murosasizlik ruhini yanada shakllantirishda milliy qadriyatlar, yanada aniqroq aytsak, eʼtiqod va ruhiy tarbiya omillaridan ham samarali foydalanish foydadan xoli bo‘lmaydi. Chunki ayni ushbu omil har qanday illatga, jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashda muhim mezon hisoblanadi. Bu borada Kengash huzuridagi Sudyalar oliy maktabida olimlar, din ulamolari, imom-xatiblar ishtirokida maʼrifiy tadbirlar o‘tkazilib, ularda pora olish qonunan jinoyat, shariat bo‘yicha haromligi uqtirib kelinmoqda.
Adolat va maʼnaviyat – o‘zaro bog‘liq tushunchalar, shu bois ham Davlat rahbari: “Maʼnaviyat bo‘lmagan joyda hech qachon adolat bo‘lmaydi”, deya qayd etgan. Shunga ko‘ra, sudyalar, yurist kadrlarni tayyorlash va sudyalik lavozimiga tayinlashda bu masalaga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Achchiq tajribalardan kelib chiqilsa, har qanday illatga qarshi quruq gap, faqat maʼrifiy tadbirlar bilan kurashib bo‘lmasligini hayotning o‘zi ko‘rsatib qo‘ydi. Buning uchun samarali taʼsir vositalaridan unumli foydalanish lozim.
O‘tgan yili Kengash tashabbusi bilan “Pushaymon” qisqa metrajli filmi tasvirga olindi (filmda korrupsiyaga qo‘l urgan sobiq sudyaning fojiaviy taqdiri hikoya qilinadi). Joylarda maʼrifiy tadbirlar jarayonida mazkur film namoyish etilarkan, bunga nafaqat sudyalarning o‘zi, balki ularning turmush o‘rtoqlari ham taklif etildi. Nega? Bu ham taʼsirchan vositalardan biri, negaki inson kamolida ham, zavolida ham oilaning o‘rni katta. Shu bois, bunday maʼrifiy tadbirlar doirasini kengaytirish lozim.
Bundan tashqari, vaqti-vaqti bilan sudyalar va sudyalikka nomzodlarning jazoni ijro etish muassasalariga tashrifini tashkil etish ham yaxshi samara beradi, degan fikrdaman. Chunki masʼul mansabdorlarning korrupsiyaviy jinoyati uchun javobgarlikka tortilganini eshitish boshqa, ularni muassasada jazoni qanday ijro etayotganini ko‘rish – umuman boshqa narsa. Yuz marta eshitgandan bir marta ko‘rgan afzal, hikmati bejiz emas.2021 yilda bir marotaba sudyalarning jazoni ijro etish muassasalariga tashrifi uyushtirildi. Kelgusida bunday chora-tadbirlarni ko‘paytirish rejalashtirilmoqda.
Sud tizimida korrupsiyaning oldini olish, sudyalarni o‘qitish va lavozimlarga tayinlashda korrupsiyaga nisbatan murosasizlikni singdirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni hali yetarli, deb bo‘lmaydi.
Avvalo, bu boradagi ishlar sifati va samaradorligini yanada oshirish zarur. Bunda yetarli bilim va tajribaga, benuqson obro‘-eʼtiborga ega bo‘lgan kadrlarni izlab topish va batafsil o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish talab etiladi. Shuningdek, sudyalikka nomzodlarning korrupsiyaga moyilligini aniqlash maqsadida Sudyalar oliy kengashi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan maxsus psixologik testlarni Sudyalar oliy maktabi qabul imtihonlarida ham qo‘llash maqsadga muvofiq sanaladi. Sudyalar xulq-atvorining aksilkorrupsiyaviy standartlarini aniq belgilash ham bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Mazkur fikrning davomi sifatida sudyalarni kasbiy tayyorlashda va malakasini oshirishni tashkillashtirishda ularning aksilkorrupsiyaviy xulq-atvori standartlari bo‘yicha o‘quv soatlarini kiritish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Bundan tashqari, sudyalarni intizomiy javobgarlikka tortish mexanizmini, intizomiy javobgarlikka tortishning protsessual kafolatlarini va bu borada sudyalar malaka hayʼatlari vazifalari va funksiyalarini takomillashtirish haqida bosh qotirish fursati yetdi.
Gap korrupsiya, uning barvaqt oldini olish haqida ketar ekan, doimiy asosda sudyalar va sud apparati xodimlari tomonidan aksilkorrupsiyaviy normalarga rioya etilishiga doir ishlarni izchil tahlil qilib borish ham kechiktirib bo‘lmas vazifalar sirasiga kiradi.
Xulosa o‘rnida qayd etish lozimki, o‘zi adolat o‘rnatishi lozim bo‘lgan sudyalar orasida tanish-bilishchilik evaziga yoxud maʼlum haq – pora – manfaat evaziga ish hal qiladigan va shu orqali adolatsizlikka yo‘l qo‘yuvchilarga o‘rin yo‘q.Kengashning asosiy vazifalaridan biri ham tizimni halol, pok va adolatli kadrlar hisobiga to‘ldirishdan iboratdir.
