O‘zbekistonda korrupsiya xavfini baholash yoxud korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha birinchi laboratoriya qanday ishlayapti?
Abstrak
“Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat tashkiloti (Sloveniya) bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda birinchi antikorrupsiya laboratoriyalarini yaratish” loyihasi amalga oshirilmoqda. Antikorrupsiya laboratoriyasi O‘zbekiston uchun korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida yangi yo‘nalish va o‘ziga xos tajriba maydoni hisoblanadi.
##semicolon##
Qanday qilib iqtibos keltirish kerak
“Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat tashkiloti (Sloveniya) bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda birinchi antikorrupsiya laboratoriyalarini yaratish” loyihasi amalga oshirilmoqda. Antikorrupsiya laboratoriyasi O‘zbekiston uchun korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida yangi yo‘nalish va o‘ziga xos tajriba maydoni hisoblanadi.
Korrupsiya – insonlarning ong ostida chuqur ildiz otib, odat tusiga kirgan, jamiyatda yurish-turish, etika madaniyatiga salbiy ta’sir qiladigan va butun tizimga zarar yetkazuvchi “kasallik” kabidir. Kasallikni davolash uchun avval to‘g‘ri tashxis qo‘yilib, so‘ngra uning sababi aniqlanishi kerak. Korrupsiyaga qarshi kurashishda ham xuddi shunday: oldin odamlarning muammoga munosabatini aniqlash, shuningdek, mansabni suiiste'mol qilishga, manfaatlar to‘qnashuviga olib keladigan yoki insonlarni kasbiy huquqbuzarliklarni, norasmiy to‘lovlarni amalga oshirishga va o‘zaro til biriktirishga majbur qiladigan omillarni o‘rganish zarur. Demak, birinchi galda to‘g ‘ri tashxis qo‘yish talab etiladi.
Aynan shu maqsadda ekspert platformasi yaratilgan bo‘lib, u statistik ma’lumotlarni tahlil qilishning turli usullari, ommaviy axborot vositalaridagi kontent, ilmiy materiallar, qonunchilik, mamlakat bo‘ylab maqsadli guruhlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlar, xalqaro tajribadan foydalangan holda korrupsiya xavfi omillarini o‘rganish imkonini beradi. Tadqiqot xalqaro standartlarga muvofiq va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro ekspertlar va tadqiqotchilar ko‘magida oldindan ishlab chiqilgan metodologiya bo‘yicha amalga oshiriladi.
2021-yil yakunida loyiha doirasida o‘tkazilgan birinchi tadqiqot natijalari keng jamoatchilikni jalb qilgan holda e’lon qilindi. Bu bolalarni boshlang‘ich maktabga qabul qilishda korrupsiya va noqonuniylikni baholashga yordam berdi.
O‘tkazilgan so‘rovda O‘zbekistonning 14 ta viloyatidagi 114 ta maktabdan 5 mingga yaqin ishtirokchi qatnashdi, ularning 114 nafari maktab direktori, 1 563 nafari boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi va 3 243 nafari 1-sinf o‘quvchilarining ota-onalaridir. Aprel oyida Toshkent shahridagi ikkita maktabda uch guruh respondentlar o‘rtasida tajriba so‘rovlari o‘tkazildi. May-iyun oylarida respublika boʻylab 28 ta shahar, 31 ta tuman markazlari, 31 ta qishloq aholi punktlarini qamrab olgan keng koʻlamli so‘rovlar olib borildi.
Olingan ma'lumotlarning ahamiyatli jihati shundaki, anonim so‘rovlar qabul jarayoni ishtirokchilari duch keladigan muammoli vaziyatlar haqidagi ayrim mish-mishlarni tasdiqladi. Masalan, asosiy va qoʻshimcha qabul kvotalari sharoitida bolalar uchun teng imkoniyatlarning yoʻqligi, budjetdan mablagʻ, infratuzilma va taʼminot yetishmasligi sababli maktab direktorlarining ota-onalardan yordam so‘rashga majbur bo‘lishi, ota-onalar va yuqori tashkilotlarning bolasini yaxshiroq maktabga joylashtirish uchun bosim o‘tkazish va hokazo
BOBUR BEKMURODOV, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi:
— Bunday tadqiqotlar qaror qabul qiluvchi organlarga jamoatchilikning haqiqiy ovozini yetkaza olishi, joylarda ishlarning haqiqiy manzarasi va holatini ko‘rsata bilishi bilan ahamiyatlidir. Ular ekspert tajribasiga asoslangan tayyor tavsiyalarni olish va maqsadli auditoriyaning tasdiqlangan ehtiyojlari asosida ish ko‘rish imkonini beradi.
Tadqiqotda korrupsiyaviy yoki xulq-atvorga zid xatti-harakatlarning namoyon bo‘lishiga sabab bo‘luvchi va bir-biri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan 6 ta asosiy omil aniqlandi. Shuningdek, o‘rganish natijalari bolalarni 1-sinfga qabul qilishda shaffoflik yo‘qligi qo‘shimcha kvotalar joriy etilishiga, kelajakda esa sinflar to‘lib ketishiga olib kelishini ko‘rsatdi. Bu esa ota-onalar va direktorlarda xulq-atvorga zid xatti-harakatlardan (masalan, sovg‘alar berish, moddiy qo‘llab-quvvatlash, tashqaridan bosim va boshqa) foydalanish imkoniyatini paydo qiladi. Maktablarni moliyalashtirishning yetishmasligi ta'lim muassasasi ma'muriyatini qo‘shimcha moliyalashtirish manbalarini izlashga majbur qiladi, otaonalar/o‘qituvchilar/direktorlar o‘rtasida o‘zaro ta'sir doirasi va xizmatlar almashinuvi shakllanadi. Oqibatda, nohalol va korrupsiyaviy holatlar yuz beradi.
O‘zbekiston bo‘ylab o‘tkazilgan so‘rovda ota-onalarning 37 foizi to‘g‘ridan to‘g‘ri direktor bilan kelishishga harakat qilishi va 22 foizi buni qabul komissiyasi orqali amalga oshirishga urinib ko‘rishi mumkinligi ma’lum bo‘ldi. Taxminan har 10 nafar direktordan biri ota-onalar tomonidan va yana har 10 nafar direktordan biri yuqori idoralar, davlat sektoridagi shaxslar va tashkilotlar tomonidan bosimga duch kelishini ta’kidlab o‘tdi.
Respondentlarning barcha guruhlari (26% ota-onalar, 29% o‘qituvchilar, 3,7% direktorlar) maktabga kirishning shaffofligini ta'minlash zarurligi haqida gapirishdi. Aksariyat hududlardagi oʻqituvchilar qabul jarayonini shaffoflashtirish orqali maktabning to’lib ketishini va past ta’lim sifatini bartaraf qilish mumkinligiga ishonadi.
Barcha hududlardan so‘rovda qatnashgan o‘qituvchilarning 71,5 foizi maktabning moliyaviy faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar shaffof va ochiq bo‘lishi kerakligini tasdiqladi.
Ota-onalarning 45 foizi tumanlar va maktablarning moliyaviy va budjet ma’lumotlarining shaffof, to‘liq va ochiq emasligidan norozi.
Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan qabul.maktab.uz onlayn navbat tizimi joriy etilganligiga qaramay, oʻrganish natijalari respondentlarning norozi ekanligini koʻrsatdi. Barcha uch toifadagi respondentlarning javoblarida va hududlar boʻyicha tahlil qilish jarayonida kvotalar yetishmayotganligi, kvotalar boʻyicha hisoblashda oʻquv xonalari, maktablarning sigʻimi va infratuzilmasi, demografik jihatlari hisobga olinmaganligi sababli yuzaga kelayotganligi o‘z tasdig‘ini topdi. O‘qituvchilarning izohlari orasida ta’lim muassasalarining infratuzilma masalalari oylik maoshlari haqidagi masalalardan keyin ikkinchi o‘rinda turadi.
RUSTAM KARIMJONOV,
O‘zbekiston xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari:
— Bunday tadqiqotlarni o‘tkazish uchun bizda resurslar bor, lekin chuqur tahlillar yordamida xolis baho berishning iloji yo‘q. Yagona tizimda ishlayotganimiz uchun quyida faoliyat yuritayotgan xodimlardan haqiqatni eshitish qiyin.
TADQIQOT NATIJALARI:
MILLIONDAN ORTIQ O‘QUVCHILAR UCHUN JOY YETARLI EMAS.
Ota-onalarning 22 foizi, ya’ni har beshinchisi, kvota to‘lib qolganligi sababli o‘zlari yashaydigan mikrohududdagi maktabga farzandlarini bera olishmagan. Bu muammoning eng yuqori koʻrsatkichlari Navoiy viloyatida 41 foiz, Qashqadaryo viloyatida 28 foizni tashkil etadi.
Shu bilan birga, o‘qishga qabul qilish jarayoni bevosita budjet mablag‘larining yetishmasligi bilan bog‘liqligi ayon bo‘ldi. So‘rovda qatnashgan o‘qituvchilarning qariyb 19 foizi budjet mablag‘lari yetishmasligi sababli ota-onalardan yordam so‘rashga majbur bo‘lganliklarini aytishgan. “Maktabga yordam berish yoki mukofotlash kerakligini qayerdan bildingiz?” degan savolga ota-onalarning 40 foizi “Menga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytishdi” variantini tanlashgan. “Hech kim buni so‘ramagan, men buni qabul jarayonini osonlashtirish/tezlashtirish uchun qildim” degan javob variantini ota-onalarning 27 foizi belgilashgan. Direktorlarning 83,3 foizi ota-onalar tomonidan maktablarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash ixtiyoriy, shaffof va qonun bilan tartibga solinadigan bo‘lsa, ma’qullashlarini ta’kidlashgan.
Xalq taʼlimi tizimida budjetdan tashqari toʻlovlar olib borilayotganining sabablaridan biri sifatida oʻqituvchilar tuman yoki shahar markazlashtirilgan buxgalteriya bo‘limlarining aybi bilan maktablarga mablag‘larning yetib kelmayotganligida deb bilishadi (Qoraqalpogʻistonda 27 foiz, Xorazm viloyatida 20 foiz, Navoiy viloyati va Toshkent shahrida 20%, Andijonda 18%, Jizzaxda 16%, Qashqadaryo viloyatida 14%, Sirdaryo va Fargʻona viloyatlarida 12%). Ota-onalar maktab budjetining shakllanishi va ijrosi ustidan ma’muriy va jamoatchilik nazorati yo‘qligini ta’kidlashdi (Navoiyda 36 foiz, Qoraqalpog‘istonda 17 foiz), shuningdek, maktablarga pul mablag‘lari yetib bormayotganini ta’kidlagan ota-onalar ham shunday holatlarni xalq taʼlimi buxgalteriya boʻlimlarining harakatlari orqali sodir bo‘layotganini qayd etdilar (respublika boʻyicha respondentlarning 11,3 foizi). Ayrim ota-onalarning fikricha, maktablar umuman moliyalashtirilmaydi (Toshkentda 33 foiz, Qoraqalpog‘istonda 22 foiz, Toshkentda 21 foiz, Farg‘onada 17 foiz, Namanganda 16 foiz va Surxondaryoda 15 foiz).
Maktab xodimlari maoshining pastligi ham muqobil daromad manbalarini – repetitorlik, favoritizm, ota-onalar bilan xizmatlar almashinishiga olib keladi. Natijada, etikaga zid xatti-harakatlar odatiy amaliyot sifatida mustahkamlanadi. Korrupsiya xavfi omillariga – davlat mablag‘laridan maqsadsiz foydalanish va turli darajadagi o‘g‘rilik ehtimoli tufayli infratuzilmaning rivojlanmaganligi, shuningdek, maktab direktorining o‘qituvchilar va ota-onalarga ta’siri va bosimi, ota-onalar va yuqori tuzilmalar tomonidan ma’muriyatga tashqaridan bosim kabilar kiradi.
O‘qituvchilarning 45,5 foizi ish haqining pastligi sababli qo‘shimcha ish olishga majbur bo‘layotganini tasdiqladi. O‘qituvchilarning 26,3 foizi ota-onalarning bolalarni pulli o‘qitish taklifiga rozi ekanliklarini qayd etdi. Shu bilan birga, o‘qituvchilarning 40 foizi budjetdan tashqari to‘lovlar sababini past maoshda, deb biladi. Shuningdek, ota-onalarning qariyb uchdan bir qismi maktab tizimida budjetdan tashqari to‘lovlar joriy etilishiga maktab xodimlari ish haqining pastligi sabab bo‘lmoqda, deb ta’kidlashmoqda, bu muammoning yechimini barcha maktab xodimlari, hatto farroshlarning oylik maoshlarini oshirishda ko‘rmoqda.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi maʼlumotlariga koʻra, yetarli miqdorda yosh mutaxassis oʻqituvchilar tayyorlanayotganiga qaramay, amaliyotda umumtaʼlim muassasalarining kadrlar bilan taʼminlanishi maktablarning pedagogik ehtiyojlariga javob bermaydi. Maktab o‘qituvchilarining malaka va ko‘nikmalarining yetarli darajada emasligi umumiy o‘rta ta’lim tizimi oldiga qo‘yilgan vazifalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishga to‘sqinlik qilib, maktablar va sinflar o‘rtasidagi tengsizlikka olib keluvchi korrupsiya omili hisoblanadi.
Alohida qiyinchilikdan yana biri bu – bolalarning psixologik yetukligi bilan bog‘liq muammolardir. O‘qituvchilar va direktorlar aksariyat bolalarning maktabga tayyor emasligini ta’kidlashmoqda. Buning sababi maktabgacha ta’lim va boshlang‘ich ta’lim o‘rtasidagi munosabatning zaifligi – bolalar bog‘chasi har doim ham to‘g‘ri tayyorgarlik ko‘rmaydi, hamma ota-onalar ham o‘z farzandlarini bog‘chaga yubormaydi. Natijada, bolalar maktabga turli darajadagi tayyorgarlik bilan kelishadi. Ba'zi ota-onalar farzandini maktabga erta (7 yoshgacha) yuborishga harakat qiladi.
BOLALARNI MAKTABGA QABUL QILISHDA PSIXOLOGIK-PEDAGOGIK TAYYORGARLIK
Oilalarda erta yoshdan mantiqiy fikrlash ko‘nikmalari shakllanmaganligi va rivojlanmaganligining sababi maktabgacha ta’lim va boshlang‘ich maktab o‘rtasidagi aloqaning sustligidir.
Maktab xodimlarining kasbiy halolligini idrok etish va maktabga kirishda ota-onalarning etikasini tahlil qilish, ota-onalarning maktabga murojaat qilish tartib-qoidalari va bolalarning rivojlanishi uchun javobgarligi to‘g‘risida xabardorligini oshirish zarur.
Tadqiqot mamlakatimizning barcha hududlaridan kelgan respondentlarga ta’lim tizimida mavjud bo‘lgan boshqa muammolarni ham ochiq aytish, ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar kiritish imkonini berdi. Ilg‘or jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, ma’lumotlarni ochiqlash, jarayonlarning shaffofligini sezilarli darajada oshirish korrupsiya xavfi omillarini sezilarli darajada kamaytirishi mumkin.
Aniqlangan masalalar yuzasidan korrupsiya xavfini kamaytirish bo‘yicha ekspert tavsiyalari korrupsiyaga qarshi laboratoriyaning asosiy mahsulotidir.
Tadqiqot natijasida ekspertlar tomonidan berilgan asosiy tavsiyalar quyidagicha:
• davlat va maktabgacha ta’lim sektorining barcha muassasalarini qamrab oluvchi sinflar soni, o‘quvchilar soni, maktablar va bolalar bog‘chalaridagi bepul o‘rinlar to‘g‘risida ochiq ma’lumotlarni taqdim etuvchi, maktablarning 1-sinflariga onlayn tarzda, ya’ni ota-onalarning maktablarga borish zaruratisiz qabul qilish imkoniyatini beruvchi yagona ochiq ma’lumotlar platformasini yaratish;
• ota-onalarning moddiy yordamini huquqiy tartibga soluvchi va mablag‘larni yig‘ish, taqsimlash va ishlatishda shaffoflikni ta’minlaydigan huquqiy normalarni ishlab chiqish, maktab ma’muriyati va ota-onalarning maktab moliyaviy resurslarini rejalashtirish va amalga oshirishda to‘liq ishtirokini ta’minlash;
• kerakli o‘quvchilar o‘rni bilan ta’minlaydigan bo‘lajak maktablar uchun qurilish loyihalarini rejalashtirish va joylashtirish, budjet mablag‘larini taqsimlash va ulardan foydalanishning shaffofligi ustidan jamoatchilik bilan qat’iy kelishgan holda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish;
• tegishli qoidalar va jarayonlarda mustahkamlangan kasbiy halollik qadriyatlari va me’yorlarini amaliy qo‘llashni o‘z ichiga olgan keng qamrovli halollik tizimini joriy etish (Axloq kodeksi, axloqiy mehnat bo‘yicha ilg‘or tajribalar);
• ota-onalar tomonidan ularning rolini, o‘quv jarayoni etikasi qoidalarini, maktab xodimlarining kasbiy etikasini yaxshiroq tushunish va tizimga ota-onalarning ishonchsizligini bartaraf etish uchun tubdan yangi platformada o‘quvchilarning ota-onalari bilan ishlashni tashkil etish;
• jarayonning barcha ishtirokchilari (MTV, uning bo‘linmalari va maktablar ichida) nohalol yoki xulq-atvorga zid xatti-harakatlar holatlari to‘g‘risida xabardor qilish tizimini va bunday xatti-harakatlarni tuzatish, oldini olish va profilaktika qilish uchun sanksiyalar tizimini joriy etish;
• pedagogik va boshqaruv kadrlarini tayyorlash tizimini (hududlar, o‘qitish fanlari va tillari ehtiyojlarini hisobga olgan holda) va ularning malakasini oshirishni qayta ko‘rib chiqish, kasbga tabiiy qobiliyatlarni aniqlash asosida shaffof tanlashni ta’minlash orqali kadrlar ulushini oshirish, ta'lim o'quv portfellarida amaliy mashg‘ulotlarni ko‘paytirish. Bo‘lajak o‘qituvchilarda halollik, o‘qituvchi degan yuksak kasbdan g‘ururlanish ko‘nikmalarini shakllantirish.
Shuni tushunish kerakki, kattalarning, shu jumladan, ota-onalarning etikaga zid xatti-harakatlari bolaligidanoq, masalan, yaxshi baho evaziga o‘qituvchining sovg‘a qabul qilishi, bolaning boshqa yoki yaxshiroq sinfga o‘tkazilishi uchun direktorga ta’sir qilishi bolalar xotirasida saqlanib qolishi mumkin. Bu hozirgi va kelajakda halollikni ta’minlash, korrupsiya xavfining oldini olishni ancha qiyinlashtiradi, shuningdek, o‘qituvchining mavqeini pasaytiradi. Ishlab chiqilgan mexanizm va metodologiyadan boshqa sohalarda ham korrupsiya xavfini baholashda foydalanish mumkin.
Korrupsiyaga qarshi kurashish laboratoriyasi tomonidan ishlab chiqilgan tavsiyalar qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish uchun respublika hukumati, Xalq taʼlimi vazirligi va Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashiga taqdim etildi.
O‘zbekistonda ta’lim tizimining shaffofligini ta’minlash korrupsiya xavfini kamaytiradi va pirovardida bu katta yutuq hisoblanib, boshqa muhim sohalar uchun namuna bo‘ladi.
Mjuša SEVER,
“Mintaqaviy muloqot” XNT direktori (Sloveniya):
– “Yuksalish” umummilliy harakati katta ko‘lamdagi tadqiqot olib bordi, u nafaqat poytaxtdagi maktablarni, balki republikaning barcha viloyatlarini qamrab oldi. Tadqiqot natijalari maktabgacha ta’lim, mahalla va sog‘liqni saqlash tizimi bilan ham o‘zaro hamkorlikda faoliyat yuritish zaruratini ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston rahbariyati ta’limni rivojlantirishga katta e’tibor qaratib, mablag‘lar ajratishidan xabardormiz. Mamlakat aholisining yarmidan ko‘pini yoshlar tashkil etar ekan, demak, ta'lim olishga talab ham juda yuqori.
Umida TUXTASHEVA,
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari:
– Loyihada nodavlat notijorat tashkilotlari korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonlarining faol ishtirokchisi bo‘lishi va yaxshi natijalar ko‘rsata olishi yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Tanlangan mavzu juda dolzarb va mamlakatimizning deyarli har bir fuqarosiga taalluqli.
Xushnudbek XUDOYBERDIYEV,
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori o‘rinbosari, huquqshunos, bloger:
— Davlat va jamiyatni isloh qilish uchun bunday so‘rovlar, tadqiqotlar zarur. Chunki, odatda, biror davlat muayyan strategik qarorlar qabul qiladi, ixtisoslashgan idoralar rahbarlarining dunyoqarashi, sohani qanday tushunishidan kelib chiqqan holda hujjat va dasturlar ishlab chiqadi. Buning uchun, birinchi navbatda, fundamental tadqiqotlar, ilmiy asoslar va ijtimoiy so‘rovnomalar kerak, deb o‘ylayman.
Lyudmila Stayshyunayte,
“O‘zbekistonda birinchi antikorrupsiya laboratoriyalarini yaratish” loyihasi menejeri
