O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish xalq va davlat idoralarining umumiy maqsadiga aylandi
Abstrak
O‘zbekistonda so‘nggi yillarda olib borilayotgan ichki va tashqi siyosatdagi ochiqlik va o‘zaro teng hamkorlik tamoyili natijasida mamlakatimizning dunyo sahnasidagi nufuzi butunlay o‘zgardi.
##semicolon##
Qanday qilib iqtibos keltirish kerak
O‘zbekistonda so‘nggi yillarda olib borilayotgan ichki va tashqi siyosatdagi ochiqlik va o‘zaro teng hamkorlik tamoyili natijasida mamlakatimizning dunyo sahnasidagi nufuzi butunlay o‘zgardi.
Xalqaro hamjamiyat tomonidan O‘zbekistonning har bir harakati va islohotlar yo‘nalishi qiziqish bilan kuzatilmoqda. Bu borada asosiy eʼtibor inson huquqlarini taʼminlash, faol fuqarolik jamiyatini shakllantirish, so‘z erkinligi uchun sharoitlar yaratish, iqtisodiyot sektorida o‘sish ko‘rsatkichlari va aholi farovonligini taʼminlash kabi masalalarga qaratilmoqda.
Eʼtiborlisi, xorijiy ekspertlar va xalqaro hamkorlar bilan muloqot jarayonida yana shu narsa ayon bo‘lmoqdaki, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida olib borayotgan islohotlarimiz ham yuqori baholanmoqda.
Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylantirildi. Barcha sohalarda bo‘lgani kabi ushbu sohada ham tizimli va uzviy o‘zgarishlar amalga oshirildi.
Xususan, korrupsiyaga qarshi kurashishning qonunchilik bazasini takomillashtirish, institutsional asoslarini yaratish, sohalarni raqamlashtirish, davlat boshqaruvi organlari faoliyatini shaffoflashtirish hamda jazo muqarrarligi tamoyilini taʼminlash kabi yo‘nalishlardagi islohotlar shular jumlasidandir.
Quyida mazkur yo‘nalishlarning eng asosiy jihatlariga to‘xtalib o‘tamiz.
Korrupsiyaga qarshi kurashishning qonunchilik bazasini takomillashtirish
O‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi kurashish global jarayonining faol ishtirokchisiga aylandi hamda hozirda milliy va xalqaro miqyosda tegishli huquqiy bazani mustahkamlamoqda.
O‘zbekiston Respublikasining 2008-yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga qo‘shilishi va 2010-yilda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti Korrupsiyaga qarshi kurashish tarmog‘ining Istanbul harakatlar dasturiga qo‘shilishi xalqaro darajadagi asosiy va muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Korrupsiyaga qarshi kurashishni milliy darajada tashkillashtirish maqsadida zarur chora-tadbirlar va milliy qonunchilik hujjatlari majmuasi qabul qilindi hamda bu sohadagi milliy huquqiy doktrina shakllantirildi.
Masalan, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun, 2017-2018-, 2019-2020- va 2021-2022-yillarga mo‘ljallangan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturlari hamda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida 80 dan ortiq meʼyoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Jumladan, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi, “Maʼmuriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi, “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi, “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni taʼminlash to‘g‘risida”gi, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi Qonunlar ham mohiyatan korrupsiyaga qarshi kurashish orqali iqtisodiy o‘sishni taʼminlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Shu bilan birga 2021-yil davomida korrupsiyaga qarshi kurashishga oid va davlat organlari faoliyatining ochiqligini taʼminlashga qaratilgan bir qator muhim hujjatlar qabul qilindi.
Jumladan, davlat organlari tizimining ochiqligi va shaffofligini taʼminlashni yangi darajaga olib chiqqan “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.
Shu bilan birga, 2021-yilning iyul oyida Davlat rahbari tashabbusi bilan qabul qilingan ikki muhim hujjat “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni hamda “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori tasdiqlandi.
Ushbu hujjatlar bilan korrupsiyaga qarshi kurashishga kompleks yondashgan holda institutsional o‘zgarishlar amalga oshirilishi belgilangan.
Ularda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ham preventiv mexanizmlar, ham korrupsiyaviy xatti-harakatlar uchun jazo muqarrarligini taʼminlash, davlat xizmatchilarining masʼuliyati va javobgarligini oshirishga qaratilgan mexanizmlar o‘z aksini topgan.
Hujjatlar bilan zamonaviy preventiv mexanizmlar, yaʼni davlat organlari faoliyatining yanada ochiqligini taʼminlash, bunda davlat xizmatchilarining mol-mulki va daromadlarini deklaratsiyalash tizimidan tortib, davlat xaridlarining yanada shaffof amalga oshirilishini belgilash, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, davlat xizmatiga ishga qabul qilishni ochiq tanlovlar asosida amalga oshirish kabi xalqaro tan olingan standartlarning joriy etilayotganini taʼkidlash lozim.
Korrupsiyaga qarshi kurashishning institutsional asoslari shakllantirilmoqda
2020-yil 29-iyun kuni soha rivojiga turtki bo‘ladigan ikki muhim hujjat – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilindi. Mazkur hujjatlar bilan korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshiruvchi yangi tuzilma – Korrupsiyaga qarshi kurashish Agentligi tashkil etildi.
Mazkur Farmon bilan mustaqil davlatda korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishga maxsus vakolatli davlat organining mavjud bo‘lishi lozimligi talabi aks etgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti (bundan buyon matnda BMT deb yuritiladi) Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi 6- va 36-moddalarining hayotga tatbiq etilishi taʼminlandi.
Agentlik davlat organlari, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa nodavlat sektor vakillarining birgalikdagi samarali faoliyatini taʼminlash, shuningdek, mazkur sohadagi xalqaro hamkorlik uchun masʼul bo‘lgan maxsus vakolatli davlat organi etib belgilandi.
Agentlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri Prezidentga bo‘ysunadi va parlament oldida hisobdordir.
Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish, mamlakatda korrupsiya holatini tizimli tahlil qilish, normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizasi samaradorligini taʼminlash, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish hamda mamlakatning imijini mustahkamlash Agentlikning asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilandi.
Shuningdek, yuqoridagi Farmon bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi tashkil qilindi.
Uning asosiy vazifasi etib korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish etib belgilandi.
Xuddi shu vazifani hududlar miqyosida ham amalga oshirish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlari tashkil etildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xorij amaliyoti uyg‘unligida mazkur illat ko‘rinishlarining sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etishga qaratilgan samarali mexanizmlari joriy etilmoqda.
– 2020–2021-yillarda barcha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida korrupsiyaga qarshi ichki idoraviy nazorat tizimlarini bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish choralari ko‘rildi. Natijada, korrupsiya xavf-xatarlarini o‘z vaqtida aniqlash va chek qo‘yish, uning oqibatlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish, korrupsion xavf-xatarlar yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan soha-yo‘nalishlar aniqlanmoqda.
Raqamlashtirish va oshkoralikni taʼminlash korrupsiyaning oldini olishning asosiy vositalari sifatida
Mamlakatimizda davlat boshqaruviga ochiqlikni joriy etish, axborotlarning umumfoydalanish uchun ochiqlik holati, maʼlumotlarning oshkoralik va sifat darajasini xalqaro talablarga muvofiqlashtirish, barcha xizmatlarni raqamlashtirish sohasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘tgan qisqa vaqt davomida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ommaviy muhokama qilish, davlat budjeti va qarzi, shuningdek, davlat xaridlari to‘g‘risidagi maʼlumotlarni ko‘rish va real vaqt rejimida kuzatish imkonini beruvchi onlayn platformalar ishga tushirildi. Ochiq maʼlumotlar portali faoliyati sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarildi, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, elektron litsenziyalash tizimi va “Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portali faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Ushbu islohotlar natijasida quyidagi amaliy natijalarga erishilganini taʼkidlash lozim:
Birinchidan, ommaviy axborot vositalari, jurnalist va blogerlar erkinligini taʼminlashga, davlat idoralarining jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari uchun ochiq bo‘lishiga, rahbarlarning kundalik faoliyatida jurnalistlar bilan yaqin muloqot va hamkorlik o‘rnatishiga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar ko‘rildi.
Ikkinchidan, raqamli va onlayn texnologiyalarning keng qo‘llanilishi davlat organlarining jamoatchilik oldidagi hisobdorligini oshirdi. Yer uchastkalari va davlat aktivlarini, shuningdek, boshqa bir qator vositalarni onlayn auksionda sotish, elektron notariat tizimlari yo‘lga qo‘yildi hamda doimiy takomillashtirilib borilmoqda.
Uchinchidan, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligi, axborot olish erkinligi taʼminlanmoqda. Tashkilotlar faoliyatiga oid barcha zaruriy maʼlumotlar, hisobotlar, moliyaviy xarajatlar to‘g‘risidagi maʼlumotlar, hokimlar qarorlari ochiqlanishi natijasida samarali jamoatchilik nazorati o‘rnatilmoqda.
To‘rtinchidan, davlat xizmatchilarining lavozimlarga tayinlanish jarayonlari barcha uchun ochiqlanib, tanlov asosida amalga oshirilmoqda va bu jarayonlarni istalgan fuqaro kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Beshinchidan, har bir davlat organi, jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida Jamoatchilik kengashlari tashkil etildi. Albatta, bu kabi kengashlar davlat tashkilotlari faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda muhim bo‘g‘inga aylanmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida yaqin istiqbolda belgilangan asosiy vazifalar
Albatta, korrupsiyaga qarshi kurashish muntazam ravishda o‘zgarishlar va yangilanishlarni amalga oshirishni talab etadi. Zamon shiddatidan ortda qolganlarni esa korrupsiya illati mag‘lub etishi tayin.
Shu boisdan oldimizda hali qator muhim vazifalar turibdi.
Xususan, davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish tizimi yo‘lga qo‘yish rejaloshtirilgan. Bu borada Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan manfaatdor idoralar bilan birga sohani tartibga soluvchi qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha barcha maqsadlarimizni o‘zida aks ettiradigan uzoq va o‘rta muddatga mo‘ljallangan Milliy strategiyani qabul qilish rejalashtirilgan va uning ham dastlabki loyihasi ekspertlar, ilmiy va akademik doira vakillari hamda nodavlat-notijorat tashkilotlari ishtirokida muhokamadan o‘tkazildi. 2022-yildan Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning ochiq elektron reyestri yuritilishini yo‘lga qo‘yish ustida ishlanmoqda. Bu institut ham korrupsiyaning oldini olish jarayonlariga keng jamoatchilikni jalb etish imkoniyatini beradi.
Bundan tashqari, davlat organlarida, shu jumladan, hududlarda korrupsiya tarqalganlik darajasini baholash tizimi joriy etilmoqda. Bu tizimning ahamiyatli tomoni shundaki, keng aholi qatlami, tadbirkorlik sub’yektlari, shu jumladan, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar, mahalliy va xalqaro ekspertlar o‘rtasida so‘rovnomalar o‘tkaziladi hamda so‘rovnomalar natijalarini tahlil qilish asosida davlat organlari va hududlarda korrupsiyaning tarqalganlik darajasi aniqlanadi.
Korrupsiyaga qarshi qonunchilikni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi ayrim normalarini milliy qonunchiligimizga implementatsiya qilish hamda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari uchun korrupsiyaga qarshi kurashish tarmog‘ining Istanbul harakatlar rejasi doirasidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish davom ettiriladi.
Albatta, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan har bir islohot, o‘zgarish xalqimizga foydasi tegish yoki tegmaslik prizmasi orqali saralanib, hayotga tatbiq etilmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonlarida bu nihoyatda muhim hisoblanadi. Zero, korrupsiyaga qarshi kurashish va uni bartaraf etish O‘zbekiston xalqi va davlat idoralarining mushtarak maqsadiga aylanib ulgurdi.
